Получи случайную криптовалюту за регистрацию!

Ta’limni isloh qilish bo‘yicha xalqaro ekspert bilan uchrashuv | Edu.uz

Ta’limni isloh qilish bo‘yicha xalqaro ekspert bilan uchrashuv

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida Jahon bankining “Oliy ta’limni modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida oliy ta’lim tizimida ta’lim sifatini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha vazir maslahatchisi sifatida faoliyat olib boradigan xalqaro ekspert Bastian Baumanni qabul qildi.

Ikki tomonlama bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan asosiy o‘zgarishlar bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama etildi va fikr almashildi.

Jumladan, muloqot davomida xalqaro ekspert tomonidan loyihani amalga oshirish jarayonida oliy ta’lim tizimida sifatni ta’minlash bo‘yicha qator ijobiy natijalarga erishilayotganligi qayd etib o‘tildi.

Shuningdek, loyihada belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishda vazirlik jamoasining sa’y-harakatlari alohida ahamiyat kasb etayotganligini e’tirof etib o‘tdi.

Shu bilan birga, vazirlik tomonidan mutaxassis bilan birgalikda kelgusida oliy ta’lim tizimida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Ma’lumot o‘rnida, professor Bastian Bauman Yevropa, Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi, Markaziy Osiyo va Afrikaning ko‘plab mamlakatlarida ishlagan, ta’limni isloh qilish bo‘yicha 20 yillik tajribaga ega. Turli xalqaro tashkilotlarda, jumladan, Yevropa Komissiyasi, Yevropa Kengashi, YUNESKO, Jahon banki, Yevropa ta’lim jamg‘armasida ekspert bo‘lib faoliyat yuritgan.

Vazirlikning rasmiy sahifalari:
Telegram | Instagram | Facebook | YouTube